Asosiy mazmunga oʻtish

Yoshlik

Usmon Nosir · Erkin sheʼr · Zamonaviy davr · 24 misra

Usmon NosirYoshlikbolaliktarjimai holfalsafaiqror

Matn

Kunlarimni yoshligimdan ayamadim,
Menda yoshlik nokaslikni hech koʻrmadi.
Qiz sevganda, hoʻngir-hoʻngir qon yigʻladim,
Goʻyo, qalbim amri - azmimni bir soʻrmadi.

Yoshligimning tarozusi beposangi,
Bir pallasi bahor toshi bilan ogʻir:
Sevinchim koʻp... shodligim zoʻr... tilim biyron,
Qaysi umr shunday yoshlik koʻrdi, axir?

Yuragimga achchiq-achchiq botar edi,
«Bogʻ koʻchada» sharsharaning mungli kuyi...
Hayron boʻlib, bolalikda oʻylar edim,
Qaydadir deb bu oftobning yotar uyi?

Bolaligim gul bogʻlarni koʻrolmagan,
Gʻarib boʻlib, mungshib yurgan koʻchalarda.
Yulduz sanab, yildan uzun kechalarda,
Hisobiga sira, azal yetolmagan.

Ayamadim yoshligimdan kunlarimni,
Nokaslikni ravo koʻrmay sevintirdim,
Chunki, unga yuragimda oʻlib qolgan,
Bolaligim erkaligin tiriltirdim.

Yoshligimning sarguzashti benihoyat,
Bisoti ham tasodifga toʻlib bitgan...
Keyin bilsam, tasodiflar zarur ekan,
Hodisani yetaklarkan sababiyat.

Usmon Nosir

Sharh

«Yoshlik» — 1934-yilda Toshkentda yozilgan sheʼr. Shoir yetim, gʻarib bolaligini eslaydi va yoshlik, ijod va sevgi bilan hayotga qaytganini yozadi.

Lugʻat

beposangi
Pallasida tosh (posangi) boʻlmagan, muvozanatsiz tarozi.
biyron
Chaqqon, tez va ravon soʻzlovchi, chechan til.
sababiyat
Sabab-oqibat qonuniyati, voqealarning zaruriy bogʻliqligi.
nokaslik
Pastkashlik, baxillik, xasislik.

Muallif

Qoʻshilgan:

Ulashish

Telegram Facebook

Shu muallifning boshqa sheʼrlari

  • Bogʻim Erkin sheʼr

    O, u qanday fusunkor!
    Nur bilan toʻlgan butun.

  • Dengiz oyna kabi Erkin sheʼr

    Dengiz oyna kabi yaltirar,
    Toʻlqinlarga suqim oqadi.

  • Dengizga Erkin sheʼr

    Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!
    Koʻnglimda ishqingni olib qaytaman.

  • Gulzor — chaman... Erkin sheʼr

    Gulzor — chaman. Yur bogʻlarga
    Eltay yetaklab.

  • Monolog Erkin sheʼr

    Sevgi! Sening shirin tilingdan
    Kim oʻpmagan, kim tishlamagan?

  • Nil va Rim Erkin sheʼr

    Lampam yonur… Yaralangan qanotdek ogʻir
    Oʻy bosadi. Yuragimda goʻyo sel yogʻir.

Yana sheʼrlar