Asosiy mazmunga oʻtish

Monolog

Usmon Nosir · Erkin sheʼr · Zamonaviy davr · 54 misra

Usmon NosirMonologsevgidramatizmjahon adabiyotiisyonShekspir

Matn

Sevgi! Sening shirin tilingdan
Kim oʻpmagan, kim tishlamagan?
Darding yoyday tilib koʻksidan,
Kim qalbidan qonlar toʻkmagan?

Seni yaxshi bilaman, goʻzal,
Petrarkani oʻqiganim bor.
Buyuk Rimning Sapfosi azal
Xayolimni oshiqday tortar.

Bilamanki, Tasso bechora
Rohat koʻrmay oʻtgan bir umr.
Ey makkora qiz, Leonora,
Nomi qora bilan yozilgur!..

Balki, guldan yaralgan pari,
Tosh koʻngilli Beatriche:
— Gadosan, — deb qochmasa nari,
Dante baxtli boʻlardi picha!

Balki, Hamlet oydin tunlarda
Ofeliyani erkalatardi.
Balki, uzun sochini silab
Azongacha ertak aytardi.

Agar xiyonatni bilmasa,
Ezmasa fojia yuragin!
Yoʻq! Yoʻq, shoir! Gar shunday boʻlsa,
Shekspirning yoʻqdir keragi!

Dezdemona, gunohsiz dilbar,
Jigar qonlaringni ichgan kim?
Bilaman, Otello, bilaman,
Otello haqlimi?.. Shoir — jim!..

Jim!.. Ufqdan botar quyoshni
Shart kesilgan boshga oʻxshatdim.
Parcha-parcha kuygan shafaqlar
Tirqiragan qonni eslatdim!

Qanday qoʻrqinch! Qanday qabohat!
Mumkin emas hech qiynalmasdan!
Aqlidan ozganmi muhabbat?
Mumkin emas, qarshi turmasdan!

Mumkin emas, ey, oliyjanob,
Necha yurakni aylab xarob
Shohona toj kiygan muhabbat,
Mumkin emas! Qanday qabohat!

Ki, odamning oʻzinikini emas,
Hissini ham xarob qilsa davr!
Qiynalaman!.. Yuragimda hovur...
Bu — qarshilik! Yoʻq! Gina emas.

Bu — qarshilik! Koʻring tarixni.
Umr tepasida musht tuygan...
Qiynalaman vijdon bilan man,
Mumkin emas, qarshi turmasdan!

Oʻz zimmamga katta ish oldim:
Ehtimolki, tamom qilmasdan —
Umrim tugar. Ammo, boʻlmaydi
(Koʻnglim oʻrniga hech tushmaydi)

Senga qarshi bosh koʻtarmasdan,
Asrlarni yigʻlatgan sevgi!!!

Usmon Nosir

Sharh

«Monolog» — 1933-yilda yozilgan sheʼr. Unda Petrarka, Dante va Beatriche, Tasso, Hamlet, Ofeliya, Otello kabi adabiy qahramonlar eslanib, muhabbat keltirgan azoblar haqida oʻylanadi.

Lugʻat

makkora
Hiylagar, aldovchi, xiyonatkor ayol.
qabohat
Yomonlik, pastkashlik, jirkanch va razil ish.
hovur
Qaynoqlik, gʻazab va ehtiros harorati, ichki tugʻyon.

Muallif

Qoʻshilgan:

Ulashish

Telegram Facebook

Shu muallifning boshqa sheʼrlari

  • Bogʻim Erkin sheʼr

    O, u qanday fusunkor!
    Nur bilan toʻlgan butun.

  • Dengiz oyna kabi Erkin sheʼr

    Dengiz oyna kabi yaltirar,
    Toʻlqinlarga suqim oqadi.

  • Dengizga Erkin sheʼr

    Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!
    Koʻnglimda ishqingni olib qaytaman.

  • Gulzor — chaman... Erkin sheʼr

    Gulzor — chaman. Yur bogʻlarga
    Eltay yetaklab.

  • Nil va Rim Erkin sheʼr

    Lampam yonur… Yaralangan qanotdek ogʻir
    Oʻy bosadi. Yuragimda goʻyo sel yogʻir.

  • Oq yuvib, oq tarab... Erkin sheʼr

    Onajonim, sogʻ boʻlsang,
    Sevinchim mening.

Yana sheʼrlar