Asosiy mazmunga oʻtish

Ofeliyaning oʻlimi

Hamid Olimjon · Erkin sheʼr · Zamonaviy davr · 76 misra

tragediyaShekspirmuhabbatfalsafaHamid Olimjon

Matn

Orzung bor kuylashga, lekin qalbingdan
Tarqalar bir maʼyus va gʻamgin sazo.
Qoʻyningda bir quchoq oq va nafis gul,
Lekin ruhing toʻla motam va aza.

Foyda yoʻqdir, goʻzal, zolim falakdan
Qancha dod qilsang-u qancha shikoyat,
Qancha yolvorsang-u qancha toʻksang bosh,
Baribir, alamga boʻlmas nihoyat.

Qancha maʼsum boʻlsang, qancha vafodor,
«Qorday oq boʻlsang-u muz qadar toza»,
Hech zamon kor etmas, shum falak badkor,
Oʻqilur sevgingga qora janoza.

Nega kerak edi, shu chiroy, shu oʻt,
Shu yoniq yulduzni koʻzga yashirmoq?
Nega lablaringdan husn oldi yoqut,
Nega siynang boʻldi qor togʻiday oq?

Husn balosiga kim etdi duchor?
Holbuki, bunsiz ham qanchalar alam,
Holbuki, bunsiz ham qizning boshida
Soʻngsiz musibatlar, dunyo-dunyo gʻam.

Holbuki, bunsiz ham qiynalardi jon,
Bunsiz ham yetardi falokat, azob.
Faqat goʻzal emas, hatto xunuk qiz
Koʻz ochib koʻrardi yolgʻiz iztirob.

Orzung bor kuylashga, lekin qalbingdan
Tarqalar bir maʼyus va gʻamgin sazo.
Qoʻyningda bir quchoq oq va nafis gul,
Lekin ruhing toʻla motam va azo.

Shundayin latofat, shu oq koʻkrakka
Nahot munosibdir shu gʻamgin libos.
Onang shuning uchun suyunganmidi
Nahotki, shu sifat goʻzallikka xos?

Javob berib koʻr-chi, nomard tabiat,
Bunchalik goʻzalni nechun yaratding?!
Oʻzing gunohkorsan, osiysan behad,
Nechun yaratding-u oʻtlarga otding?

Hali sevishmoqda shumidir maʼno?
Faqat azob bordir qismatda, nahot?
Nahotki, sevgiga shudir tamanno?
Nahot goʻzal uchun faqat, faqat dod!..

Hamlet sevar edi, uning qalbini
Goʻyoki ikki choʻgʻ, ikkita otash
Boʻlib yondirardi koʻzing tun-kuni,
U ham qilmas edi bu otashga gʻash.

Hamlet yuragiga berardi hayot
Sening u otashin, gulbarg lablaring,
Jasur xayoliga bogʻlardi qanot
Bogʻidan bir kezib oʻtganing sening.

Faqat netmak kerak, bordir na chora,
Sevguvchi yurakni qurshasa balo?
Butun olam koʻzga esa qorongʻu,
Balolarga Hamlet esa mubtalo?

Shubha otashida yonar tafakkur,
Dunyo bir gʻamxona, «Doniyo zindon».
Yoʻqdir yuraklarni yoritgali nur,
Zanjirdadir sevgi, qafasdadir jon.

Ishqiy tugʻyonlarga qaynab yurakdan
Chiqolmas bir tovush, bir sazo, bir un.
Etmishdir yerdagi oddiy azoblar
Allaqachonlarkim Hamletni majnun.

Hosil boʻlmas murod, hech narsa nasib,
Qancha yigʻlasang-u qancha cheksang oh;
Sevguvchi yigitni solmishdir yoʻlga
Tunda ertak aytgan bir mudhish arvoh.

Jannat, farishtalar, toza malaklar,
Bir puldir eng maʼsum va eng pok oʻpish,
Doʻzax ichra Hamlet yonib alahlar,
Butun olam koʻrinadi roʻyo, tush.

Koʻngil gulshanini qopladi xazon,
Yoʻqoldi shunchalik bebaho sevgi.
Shu boʻldi bokira, dunyo koʻrmagan
U yoqut lablarning qora taqdiri.

Sevgi koʻklarida uchuvchi lochin
Arshidan yiqildi va koʻhna dunyo —
Butun armonlarni kul qilgan otash
Oʻzi boʻlib qoldi sevgiga gado.

Hamid Olimjon

Sharh

«Ofeliyaning oʻlimi» — 1937-yilda yozilgan, Shekspirning «Hamlet» fojiasi syujetiga tayangan sheʼr. Uch qismda Ofeliyaning qismati, uning goʻzalligiga yetgan musibat va Hamletning iztirobi tasvirlanadi.

Lugʻat

sazo
Ovoz, navo, sado.
bokira
Pokiza, begʻubor, toza, daxlsiz.
mubtalo
Balo yoki dardga yoʻliqqan, giriftor boʻlgan.
arsh
Eng yuksak osmon qavati, falak choʻqqisi.

Muallif

Qoʻshilgan:

Ulashish

Telegram Facebook

Shu muallifning boshqa sheʼrlari

  • Boʻlsam Gʻazal

    Na boʻlgʻay bir nafas men ham yonogʻing uzra xol boʻlsam,
    Labing yaprogʻidan tomganki goʻyo qatra bol boʻlsam.

  • Eng gullagan yoshlik chogʻimda Erkin sheʼr

    Eng gullagan yoshlik chogʻimda,
    Sen ochilding koʻngil bogʻimda.

  • Har yurakning bir bahori bor Erkin sheʼr

    Har yurakning bir bahori bor,
    Har bir qalbga ishq boʻlar mehmon.

  • Holbuki, tun... Erkin sheʼr

    Holbuki, tun...
    Shagʻirlaydi betinim daryo,

  • Janub kechasida Erkin sheʼr

    Sen boʻlmasang, shu och toʻlqinlar
    Koʻrinmasdi sira koʻzimga,

  • Sevgi desam Erkin sheʼr

    Sevgi desam, faqat sen desam,
    Sening bilan yashasa qalbim;

Yana sheʼrlar

  • Bogʻim

    O, u qanday fusunkor!
    Nur bilan toʻlgan butun.

    Erkin sheʼr · Usmon Nosir

    Erkin sheʼr
  • Dengiz oyna kabi

    Dengiz oyna kabi yaltirar,
    Toʻlqinlarga suqim oqadi.

    Erkin sheʼr · Usmon Nosir

    Erkin sheʼr
  • Dengizga

    Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!
    Koʻnglimda ishqingni olib qaytaman.

    Erkin sheʼr · Usmon Nosir

    Erkin sheʼr
  • Gulzor — chaman...

    Gulzor — chaman. Yur bogʻlarga
    Eltay yetaklab.

    Erkin sheʼr · Usmon Nosir

    Erkin sheʼr
  • Monolog

    Sevgi! Sening shirin tilingdan
    Kim oʻpmagan, kim tishlamagan?

    Erkin sheʼr · Usmon Nosir

    Erkin sheʼr