Asosiy mazmunga oʻtish

Nil va Rim

Usmon Nosir · Erkin sheʼr · Zamonaviy davr · 84 misra

Usmon NosirNil va Rimtarixozodlikisyoninson shaʼniqullik

Matn

Lampam yonur… Yaralangan qanotdek ogʻir
Oʻy bosadi. Yuragimda goʻyo sel yogʻir.
Qiynalaman. Tirishamanyu hushim parishon,
Oʻtmish, hozir va kelajak koʻrinur — har on.
Tirishaman, butun kuchim koʻzimga kelar;
Chirogʻimga parvonadek urinar yillar —
Toʻrt atrofim toʻlib ketar kuygan qanotga…
Xayolimda: katta sahro, men minib otga —
Shamoldan tez, bulutlardan yengil chopaman;
Kuyib tushgan har qanotdan bir jon topaman.
Termilaman oʻlik koʻzga (nega qoʻrqayin?).
Barchasidan oʻyib olib koʻzining oyin —
Termilaman: qichqiradi yillar, odamlar.
Eshitilar menga ular bosgan qadamlar…

Sariq qumlar orasidan qon rangli quyosh —
Koʻtarilar. Nil oqadir — qullar toʻkkan yosh.
Faryodlarga chidolmaydi yer bilan osmon.
Roʻ qayerda? Azirisa? Qiynaydi Tifon!
Kimga yigʻlab, kimdan madad kutsin bemor qul?
Erki qulfdir, hayoti qulf; bor xudolar qulf!
Kosasida suv yoʻq, quruq xaltasi: non yoʻq!
Botayotgan quyosh kabi rangida qon yoʻq.
Koʻzida koʻz yoʻq, belida beli yoʻq, hayhot!
Firʼavn uni chumoliday ezadi: voydod!..
Firʼavnning hukmi qattiq, firʼavn xoʻjayin,
Xudolarga u manzurdir, hayoti tayin.
Neki qilsa, oʻzi bilur, oʻzi hukmron,
Misr boʻylab Nil oqadur «qullar toʻkkan qon!»

To Minisdan Ramzesgacha, Ramzesdan nari
«Malika qiz» Kleopatra hukmron davri.
Undan tortib… yana uzoq, yana koʻp yillar
Xarsang bilan yotqizilgan necha ming dillar.
Koʻz yoshidan, dil toshidan qurilgan haykal
Magʻrur turar, magʻrur boqar; hech biron mahal
Na odamdan, na zamondan qoʻrqmas asti u.
Gʻazabini yutib oʻlgan qullar dasti bu!
Qullar… (Menman u qullarning oʻlmas avlodi,
Mana menman, u qullarning hech soʻnmas yodi,
Mana menman, falaklarga lov-lov oʻt qoʻyib,
Otalarimning boshidan poydevor oʻyib,
Ozodligim obidasin qurgan insonman!
Oʻsha jonman, oʻsha qonman va oʻsha shonman!)

Otim uchar (xayolimda) oldinga doim,
Avval bahor osmonidek yigʻlar gado Rim.
Emchagida bir tomizim suti yoʻq ona
Goʻdagini tosh ostiga bostirdi ana!
Oʻlim yaxshi, odam agar, shunday xor boʻlsa!
Bir parcha non nima oʻzi? Shunga zor boʻlsa!
Nahot, chaqmoq yondirmaydi butun ochunni?
Kul fardiday umr — togʻday kulfat uchunmi?
Javob bergin menga zakki qadimgi Xomer,
Koʻz yoshi-yu, qonga rostdan tashnami bu yer?
Qoʻy, yaxshi chol! Koʻnglim toʻldi, gaplashamiz soʻng,
Bu nimasi? Eshitasanmi, ogʻir, hazin mung?
Hamon yigʻlar yalangʻoch Rim, hamon dil ezar,
Hamon tilla qadahda qon ichar Sezar!

Rim ustida shamsiyadek tumanli osmon,
Katta tsirkka sigʻishmasdan qaynar olomon:
«Odam bilan hayvon oʻyin koʻrsatar emish…»
(Bunday qiliq bizning uchun qandayin erish!..)
Tishlarini irjaytirib boʻkirgan yoʻlbars
Toʻrt tarafga tashlanadi, talpinib lars-lars.
Och koʻzlari qonga toʻlgan, sakrab oʻynaydi…
O, bechora, qon! U seni tirik qoʻymaydi!
Ana! Ana, tirnogʻini nishlab kelar u.
Changal soldi! Xalq oʻrnidan birdan turdi duv…
Chapak chaldi. «Ey, ahmoq Rim, sevinma qonga!
Bundan boshqa xoʻrlik bormi axir insonga?» —
Dedi, parcha-parcha boʻlgan gladiator.
Rim — oʻyindan oʻlim kutgan jinni teatr!

Issiq izlar… hamon u isyondan is bordak,
Bulutlarning orasinda yurar Spartak,
Osmon — qalqon, kamon yoyi — chaqmoq, yonar oʻt,
Zulm uchun yigʻi, figʻon va erksizlik sud.
Javob bersin. Aflotunmi, Vergiliymi, yo —
Boshqa biri, kani kim? Kim mard? Kim guvoh?
Ki — tun qancha qora boʻlsa, oy shuncha yorugʻ?
Spartakning lashkarlari hali ham borur.
Mana menman, u isyonning oʻlmas avlodi.
Mana menman, u qullarning hech soʻnmas yodi,
Mana menman, falaklarga lov-lov oʻt qoʻyib,
Otalarimning boshidan poydevor oʻyib,
Kelajagim obidasin qurgan insonman!
Oʻsha jonman, oʻsha qonman va oʻsha shonman!!!

Usmon Nosir

Sharh

«Nil va Rim» (1935) — olti qismli sheʼr. Qadimgi Misr va Rimdagi qullar taqdiri, firʼavn zulmi, gladiatorlar va Spartak isyoni tasvirlanadi; shoir oʻzini qullarning avlodi deb biladi.

Lugʻat

Firʼavn
Qadimgi Misr podshohlarining umumiy unvoni, mustabid zolim ramzi.
Azirisa
Osiris — qadimgi Misr afsonalarida narigi dunyo va tabiat uygʻonishi maʼbudi.
Tifon
Set (Tifon) — qadimgi mifologiyada yovuzlik, boʻron va zulmat xudosi.
obida
Yodgorlik, tarixiy muhtasham bino, monument.

Muallif

Qoʻshilgan:

Ulashish

Telegram Facebook

Shu muallifning boshqa sheʼrlari

  • Bogʻim Erkin sheʼr

    O, u qanday fusunkor!
    Nur bilan toʻlgan butun.

  • Dengiz oyna kabi Erkin sheʼr

    Dengiz oyna kabi yaltirar,
    Toʻlqinlarga suqim oqadi.

  • Dengizga Erkin sheʼr

    Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!
    Koʻnglimda ishqingni olib qaytaman.

  • Gulzor — chaman... Erkin sheʼr

    Gulzor — chaman. Yur bogʻlarga
    Eltay yetaklab.

  • Monolog Erkin sheʼr

    Sevgi! Sening shirin tilingdan
    Kim oʻpmagan, kim tishlamagan?

  • Oq yuvib, oq tarab... Erkin sheʼr

    Onajonim, sogʻ boʻlsang,
    Sevinchim mening.

Yana sheʼrlar