Asosiy mazmunga oʻtish

Yorugʻ yulduzga

Abdulhamid Choʻlpon · Erkin sheʼr · Jadidlar · 58 misra

ChoʻlponYorugʻ yulduzgaerkin sheʼrjadid adabiyotitarixistiqlol

Matn

Goʻzal yulduz, nurli yulduz, tez soʻzla
Otalarning tarixdagi xatosin;
Shul xatodan osigʻlanib yovlarning
El koʻksida surgan ishrat, safosin.

Soʻzla, anglat oʻtgandagi turmushning
Butun qonli, shonli, jonli yerlarin.
Koʻz oldimga jilvalantir yurt uchun
Jonlar berib, qonlar toʻkkan erlarin.

Oʻynat, qoʻzgʻat, toʻlqinlantir, hovliqtir
Keng Hazarning koʻm-koʻk yumshoq suvlarin.
Soʻzlattirib charchat, horsin, charchasin,
Teri oqsin, koʻkka chiqar bugʻlarin.

Koʻpiklantir, mayda oppoq koʻpikdan
Koʻylak kiydir, yasantir suv betlarin.
Ul suvlar-la pardoz qildir, kiyintir
Togʻli, toshli qirgʻoqlarin, chetlarin.

Nega jimsan, nega javob bermaysan?
Nega koʻzing qizarindi, yoshlandi?
Nega yuzing soʻlgan kabi yumshardi?
Nega senda bir talvasa boshlandi?

Bilaman men: soʻzlamaysan shuning-chun,
Soʻzlaydirgan yaxshi soʻzing yoʻq erur.
Ogʻiz ochsang yoʻqsil elni ezmakka,
Qon qilmoqqa hasratlaring koʻp erur.

Mayli, mayli, qandoq achchiq boʻlsa ham,
Toʻgʻri soʻzni yashirmasdan soʻzlay ber.
Har qanchalar yurak yorgich kuy boʻlsa,
Botir boʻlib sekingina kuylay ber.

Oʻtganlarning zahari ham bu kunda
Koʻngillarga tegmay oʻtar kabidir.
Kechmishlarning yigʻisi ham shu kunda
Yoʻqsil dilni suyuntirar kabidir.

Falokatlar koʻrgan ota-bobolar
Istiqlolning qimmatini bilmagan.
El va yurtni saqlar uchun soʻng xonlar
Tuzukkina chora, tadbir qilmagan.

Biz, yoʻqsillar, boshqalarga qul boʻlib,
Chet oyoqlar tovonida ezildik.
Har yaramas, har buzuqning tagida
Alam tortgan, jabr koʻrgan biz edik.

Yetar, boʻldi! Meni gapga solding-da,
Oʻzing unda tinglabgina turasan.
Yana, tagʻin taʼsirlanib soʻzimdan,
Oh-voh qilib oʻzni har yon urasan.

Soʻzla sen-da tillaringni oʻynatib,
Eski olam ichra bizni olib bor.
Yashrin yotgan pardalarni, zulmatni
Qarab turma, nuring bilan yirt, yubor!

Yalintirma, boshqalarga yalingan
Kabi sen ham yalintirmoq istaysan,
Ezilganni ezishlikka, sen goʻzal,
Ozroq sharm, ozroq hayo qilmaysan.

Soʻzla, anglat, goʻzal yulduz, tez soʻzla,
Men-da sening chiroyliging soʻzlarman.
Hazardagi koʻpiklarga birlashib
Seni maqtab shirin kuylar kuylarman.

Ogʻiz ochding, tovshing keldi, ey yulduz,
Soʻzla-soʻzla, yot kishi yoʻq, ikkimiz!..

Abdulhamid Choʻlpon

Muallif

Qoʻshilgan:

Ulashish

Telegram Facebook

Shu muallifning boshqa sheʼrlari

  • Binafsha Erkin sheʼr

    Binafsha, senmisan, binafsha — senmi,
    Koʻchada aqchaga sotilgan?

  • Goʻzal Erkin sheʼr

    Qorongʻu kechada koʻkka koʻz tikib,
    Eng yorugʻ yulduzdan seni soʻraymen.

  • Kishan Erkin sheʼr

    Kishan, gavdamdagi izlar bu kun ham bitgani yoʻqdir!
    Temir barmoqlaringning dogʻi butkul ketgani yoʻqdir!

  • Koʻngil Erkin sheʼr

    Koʻngil, sen munchalar nega
    Kishanlar birla doʻstlashding?

Yana sheʼrlar

  • Dardiga darmon istamas

    Bizni Turkiston eli dardiga darmon istamas,
    Zulmat ichra kechsa umri, mohi tobon istamas,

    Erkin sheʼr · Hamza Hakimzoda Niyoziy

    Erkin sheʼr
  • Mirrix yulduziga

    Goʻzal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqgʻani!
    Nega bizdan qochib muncha uzoqlargʻa tushibsan,

    Erkin sheʼr · Abdurauf Fitrat

    Erkin sheʼr
  • Oʻgit

    Ogʻir yigit, sening goʻzal, nurli koʻzingda
    Bu millatning saodatin, baxtin oʻqudim.

    Erkin sheʼr · Abdurauf Fitrat

    Erkin sheʼr
  • Bogʻim

    O, u qanday fusunkor!
    Nur bilan toʻlgan butun.

    Erkin sheʼr · Usmon Nosir

    Erkin sheʼr
  • Dengiz oyna kabi

    Dengiz oyna kabi yaltirar,
    Toʻlqinlarga suqim oqadi.

    Erkin sheʼr · Usmon Nosir

    Erkin sheʼr