Tanobchilar
Muqimiyhajviyasatiratanobchilarijtimoiy
Boʻldi taajjub qiziq hangomalar,
Arz etayin emdi yozib nomalar,
Adl qulogʻila eshit holimi
Zulm qilur, baski, menga zolimi,
Oʻn ikki oyda keladur bir tanob,
Oʻzgalara rohat-u menga azob.
Sulton Ali Xoʻja, Hakimjon ikav,
Biri xotun, birisi boʻldi kuyav.
Ikkalasi boʻldi chunon ittifoq,
Goʻyo xayol aylaki, (qilmay nifoq),
Osh yesalar oʻrtada sarson ilik,
Xoʻja chirogʻ yogʻi, Hakimjon pilik.
Bir-birisiga solishurlar oʻrun,
Erta-yu kech oʻpushib ogʻiz-burun.
Sallalari boshlarida oq savat,
Koʻrpacha tagda hama vaqt uch qavat.
Birlari moʻltoninamo, hiylagar,
Birlaridur kunda pix-u gavda xar.
Ogʻizlari maqtanib oʻn besh qarish,
Mayda suxan, ezma (churuk), zanchalish.
Qaysiki qishloqqa tushar otidin,
Elni yigʻib, voqif etar zotidin.
Derki: «Koʻzungga hali kal jojaman,
Maxdumi aʼzamlik oʻzim Xoʻjaman.
Bizga bobo hazrati Shohligʻ mazor,
Muxlisimiz mardumi ahli diyor.
Ham yana Erxubbi boʻlodur tagʻo,
Ammamizning erlaridur Nurato.
Bibi Ubayda boʻladur xolamiz,
Goh kelur erdi kichik bolamiz.
Xizr otamlarga burodar erur,
Chimligʻ azizlar menga dodar erur.
Garchiki men olim-u shayxi zamon,
Qirqingiza emdi beray bir qozon.
Manki tanobinggʻa chiqibman kelib,
Xizmatimi yaxshi qilinglar bilib.
Oʻt qoʻyubon kuyduradurgʻon oʻzim,
Hokiming-u oʻlduradurgʻon oʻzim.
Xoh tanobingni du chandon qilay,
Xoh karam birla boshingni silay».
Xoʻja soʻzini munga bermay qaror,
Mardumi sahroyi boʻlur beqaror.
Derki Hakimjon: «Ayo oqsoqol,
Bizni topibsan magaramkim oʻsol?»
«Hozir etib toʻrt nafar mardikor,
Toʻgʻri qil oldimga qilibon qator.
Arqonimi yeringa sudrab chiqay,
Bachchataloq qishloqilarni (uray),
Bir burayin moʻylabimni chiqib,
Tort tanobini jazosi siqib!
Yaxshiligingni fuqaro bilmagʻay,
Hali bular koʻzga bizi ilmagʻay.
Ikki tanobini qilay oʻn tanob,
Yurtingizi kuydurub aylay xarob.
Xoh oʻling, xoh qoling, bachchagʻar»,
Debki, uzanguga ayogʻin tirar.
Bir-biriga qishloq eli boqishib,
Goh u yon, goh bu yon chopishib.
Jam boʻlishib aylayubon maslahat.
—«Doʻgʻmagʻa, —der, bir nima berib joʻnat».
Aqcha qoʻlida iki-uch moʻysafid Derki:
«Bu nazringiz-u, bizlar murid».
Zulm bilan ellig-u yuzni olur,
Boz tanobini duchandon solur.
Tagʻi bular yaxshi-yu bizlar yomon,
El tamizidin hazar et, alʼamon.
Oʻzga yana gʻussa budurkim, deyin,
Shunchaki bir qissa bulardin keyin;
Qoʻshti Jalolxon degan oʻgʻlin manga,
Dedi: «Ruqum oʻrgatadursiz siz anga».
Yukladi oʻgʻlini manga muxtasar,
Bu dagʻi ortiqcha (menga dardisar)…
Soʻzni, Muqimiy, kerak etmak tamom,
Mazzasi qolmas uzun oʻlsa kalom.
Qoʻshilgan:
Shu muallifning boshqa sheʼrlari
- Sayohatnoma
Faryodkim, garduni dun
Aylar yurak bagʻrimni xun,
Yana sheʼrlar
- Binafsha
Binafsha, senmisan, binafsha — senmi,
Koʻchada aqchaga sotilgan?Erkin sheʼr · Abdulhamid Choʻlpon
Erkin sheʼr - Erkin sheʼr
- Dardiga darmon istamas
Bizni Turkiston eli dardiga darmon istamas,
Zulmat ichra kechsa umri, mohi tobon istamas,Erkin sheʼr · Hamza Hakimzoda Niyoziy
Erkin sheʼr - Erkin sheʼr
- Dengizga
Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!
Koʻnglimda ishqingni olib qaytaman.Erkin sheʼr · Usmon Nosir
Erkin sheʼr