Sayohatnoma
MuqimiysayohatnomaFargʻonaShohimardonmurabbaʼ
Faryodkim, garduni dun
Aylar yurak bagʻrimni xun,
Koʻrdiki, bir ahli funun —
Charx anga kajraftor ekan.
Qolmay shaharda toqatim,
Qishloq chiqardim odatim,
Xohi yayov, boʻlsun otim,
Goh sayr ham darkor ekan.
«Ultarma»ga qildim yurush,
Yoʻldosh edi bir chitfurush,
Etdim jadallab vaqti tush,
Bir dam qiziq bozor ekan.
Bir maʼraka koʻrdim butun,
Jaʼmi yopingan boshga toʻn,
Boqsamki, besh yuzcha xotun,
Voiz soʻzin tinglor ekan.
Mingboshilik kimning ishi,
Desam, dedi bedonishi,
Bir «Qoʻshtegirmon»lik kishi,
Xoʻja Iso badkor ekan.
Magʻrur, xasisu beshu kam,
Har gapda yuz ichgay qasam,
Takjoy olur moxovdan ham,
Hoji oʻzi murdor ekan.
«Doʻrmoncha»ga ketdim oʻtub,
Yoqamni har soat tutub,
Yotdim ul oqshom gʻam yutub,
Dashti qaroqchizor ekan.
Unda boʻlus Gʻozi dedi,
Ham mufti, ham qozi dedi,
Yurt barcha norozi, dedi,
Qilgʻon ishi ozor ekan.
Boz izdihomi voizi,
Badkayf, ochilmas koʻzi.
Yuqori boshidin tizi,
Ermaklari koʻknor ekan.
Soʻrsam, dedilar: «Boʻrbaliq»,
Birmuncha echkilar ariq,
Kelsa kishi yeyar tariq,
Shomu sahar tayyor ekan.
«Oq yer»din oʻtdim, boylari —
Oliy imorat joylari,
Mehmonsiz oʻtkay oylari,
Kelsa birov nochor ekan.
Ammo nazarda «Roshidon»,
Firdavs bogʻidin nishon,
Oʻynab oqar obi ravon,
Sahni gulu gulzor ekan.
Maʼyus bordim «Zohidon»,
Bir koʻcha ketguncha doʻkon,
Shoʻx odami, ichmay piyon,
Mast, otasi bezor ekan.
Suvlar sepilgan soʻrilar,
Boʻrlangan oʻchoq-moʻrilar,
Tabʼing mabodo choy tilar,
Damlashlari ishqor ekan.
«Oltiariq» qursin oʻshal,
Sellarda qoldim bir mahal,
Boʻldim ivib, yomgʻurda shal,
Toʻn shilta, hoʻl ezor ekan.
Mingboshisi soʻfinamo,
Tasbehu boʻynida rido,
Choʻqub qochar zogʻi alo
Bir dogʻuli ayyor ekan.
Xayru soho vajhiga kar,
Bir pulni yuz yerdin tugar,
Kelsa gadoy nogah agar,
Bir non chiqish dushvor ekan.
Koʻrdim chuqur «Chimyon» erur,
Er ostida zindon erur.
Dushmanlari mehmon erur,
Bogʻi uning tutzor ekan.
Vodil maqomi dilfizo
Koʻchalaridur dilkusho,
Anhorida obi safo,
Sebarga obishor ekan.
Chun shahrdin chiqdim «Qudash»,
Koʻngul boʻlub mahzun-u gʻash,
Majnunsifat, devonavash,
Serchashma-yu kam chang ekan.
«Yayfan» agarchi xush havo,
Odamlari yengilnamo,
Bir-birlari-la doimo
Boʻlar-boʻlmasga jang ekan.
«Nursux» kabi bir joy kam,
Tushmay oʻtib qildi alam,
Olma, anor oʻrniga ham
Bogʻida tok-u zang ekan.
Koʻp odamidin «Beshariq»,
Bogʻlarda ekmishlar tariq.
Etim haqi — goʻshti baliq,
Qilmishlari nayrang ekan.
Charchashni bilmas yursalar,
Purzoʻr ketmon ursalar,
Vaqti namozga kelsalar,
Masjid soriga lang ekan.
«Rafqon» ajoyib joy ekan,
Bir koʻcha ketgan soy ekan,
Salqin supa hoy-hoy ekan,
Kim koʻrsa hang-u mang ekan.
Ozodadin toʻpori koʻp,
Dukchisidin attori koʻp,
Choyxoʻridin koʻknori koʻp,
Bir rasta nos-u bang ekan.
Ayvonchalar misli katak,
Bir yoʻlki, odam siqqudak,
Chit birla bir yerda alak,
Bozori tor-u tang ekan.
Xuftonda kirdim bir doʻkon,
Qildi ashula bir juvon,
Eshak demang, undin yamon,
Hangrarda yaxshi hang ekan.
Qiygʻir koʻtargon uch yigit,
Uxlatmadilar bir minit,
Ham boshda tong otquncha it
Gʻingshib chiqib, vang-vang ekan.
Aylay sayohat endi bas,
«Konibodom» qilmay havas,
Har yerda yotgan xor-u xas,
Koʻzga tikan yakrang ekan.
Aflok kajraftor uchun,
Har dam koʻngul afgor uchun,
Hoʻqand tang-u tor uchun,
Sahro chiqish darkor ekan.
Bordim shahardin «Yakkatut»,
Baqqoli duzdi badburut,
Bir tanga sotkay bir qurut,
Insofi yoʻq, tarror ekan.
Qishloq juvoni yigʻlishib,
Issigʻda oʻynashgay pishib,
Oʻtgan tamoshobin tushib,
Seshanba kun bozor ekan…
Mingboshi Eshdavlat akam,
Ammo quruq savlat akam,
Qilsa chiqim gar bir diram,
Uyqu qochib, bedor ekan.
«Yayfan» kabi tolzor kam,
Yoʻq soyasida zarra gʻam,
Zebo sanam, qoshi qalam
Jononlari bisyor ekan.
Doʻgʻmalari ham xoʻb bajo,
Volosnoyi uhdaburo,
Yurt ishlarini doimo
Xayriyatin koʻzlor ekan.
«Nursux» kabi ham yurt yoʻq,
Bogʻdor-u dehqon qorni toʻq,
Masjidlari ham koʻp uluq,
Turfa farah osor ekan.
«Rafqon»ni bozor joyi tang,
Mullolari chaqqon, garang,
Omilari ham mullarang,
Koʻylak kiyib, dastor ekan.
Gar mevasi bir tup sotar,
Bir pulni yuz yerdin tugar,
Bersa gadoga non agar,
Ming yilda ham dushvor ekan.
Ammo «Raboti» bachchagʻar,
Yoʻq hech odamdin asar,
Bir podajoyi gov-u xai,
Chun ogʻuli tayyor ekan.
Du bora yurdim dashtlab,
Bodom koniga qarab,
Mirza Umarni soʻragʻlab,
Havlisida najrjor ekan.
Boʻlgʻay oʻshal Burhon omon,
Yaxshi yigitdur begumon,
Xursand qildi nogahon,
Mingboshi Xol sarkor ekan.
Armonki, koʻprak yurmadim,
Bir-ikki hafta turmadim,
«Tikka Rabot»ni koʻrmadim,
Purfayz buzrukvor ekan.
Maʼyus chiqdim «Isfara»,
Dil xasta, majruh-u yara,
Issiqqa kuygan qop-qora,
Olti jihat koʻhsor ekan.
Anhor-u soy-u choʻllari,
Oʻynab kelodur suvlari,
Shirinki zardolulari,
Qand-u asal bekor ekan.
Shersiz emasdur beshalar,
Bordur saxovatpeshalar,
Qilmang yomon andeshalar,
Yaxshilari ham bor ekan.
Hoji Zuhur ham oʻrdada,
Sarhavzalar, oliy sada,
Borsa agar bir gʻamzada,
Jonigʻacha esor ekan.
Boyvachchasidur badburush,
Toʻgʻri soʻzi achchigʻ-turush,
Sil, eski bachcha, choyfurush,
Hofiz Umar, Qahhor ekan.
Boʻlma halovatga kasal,
Olamda yoʻq benish asal,
Beshak mukofoti amal,
Dunyo qurulgʻon dor ekan.
Alhamdulillo, bexatar,
Keldim, Muqim, aylab safar,
Muztar qolib, koʻrmay zarar,
Haq bandasiga yor ekan.
Qoʻshilgan:
Shu muallifning boshqa sheʼrlari
- Tanobchilar
Boʻldi taajjub qiziq hangomalar,
Arz etayin emdi yozib nomalar,
Yana sheʼrlar
- Binafsha
Binafsha, senmisan, binafsha — senmi,
Koʻchada aqchaga sotilgan?Erkin sheʼr · Abdulhamid Choʻlpon
Erkin sheʼr - Erkin sheʼr
- Dardiga darmon istamas
Bizni Turkiston eli dardiga darmon istamas,
Zulmat ichra kechsa umri, mohi tobon istamas,Erkin sheʼr · Hamza Hakimzoda Niyoziy
Erkin sheʼr - Erkin sheʼr
- Dengizga
Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!
Koʻnglimda ishqingni olib qaytaman.Erkin sheʼr · Usmon Nosir
Erkin sheʼr