Asosiy mazmunga oʻtish

Jinlar bazmi

Abdulla Qodiriy · Ibratli hikoya · 7 daqiqa oʻqish

Hikoyachi otasidan eshitgan «jinlar bazmi» voqeasini keltiradi; oxirida muallim bunday koʻrinishlarni vahima deb tushuntiradi.

Hikoya

Otam bu hikoyasini boshlagan vaqtda mening vujudimni qoʻrquv oʻrab olar edi-da, ichimdan: «Meni ham shunday jinlarga yoʻliqtirma» deb tangriga yolborib qoʻyar edim.

Kecha xolam bizning uyga mehmon boʻlib kelgan edi. Kechasi oshdan keyin otam, oyim, xolam uchovlari choy ichishib oʻltirar va oʻtgan-ketgandan soʻzlashar edilar. Soʻz aylanib kelib yana oʻsha jinlar, parilar, devlar toʻgʻrisida toʻxtadi. Otam boʻlsa, oʻzi koʻrgan «jinlar bazmi»ni soʻzlashdan yana tiyilolmadi. Otamning bu hikoyasi, yuqorida soʻzlaganimcha, mening uchun ortiqcha vahimalik boʻlganidan, darrov oʻrnimga kirib, koʻrpamga burkanib yotib oldim. Otam menga bir kulib qaradi-da, «jinlar bazmi»dan soʻz ochdi:

—Yangi uylangan vaqtlarim edi. Tirikchilik bilan ovora boʻlib, bogʻning poyasiga oʻz vaqtida qarolmadim. Bir kun payt topib bogʻga bordim, tok juda ham oʻsib ketgan, bardidan hatto ikki qarichgacha oʻsib chiqqan edi. Shuning uchun ishkomlarni shitabroq tikkaytirishga toʻgʻri kelar edi. Bogʻga bora boshlaganimning toʻrtinchi kuni kechasi bir oz yomgʻir yogʻib chiqdi. Goʻyo yomgʻirni kutib turgan toklar yana ham oʻsib ketdilar, shoʻralar bardi ustiga engashib, ishkom ustiga olmaganim uchun goʻyo mendan arazlagandek koʻrinar edilar. Men nima boʻlsa ham poya ishini bukun bitirmoqchi boʻldim. Ertaga tokni ochmasam, ham oʻzim uchun, ham tok uchun jabr qilgan boʻlarman, deb oʻyladim.

Istakni ozroq olgan ekanman. Oxir peshin vaqtida istak tamom boʻlib qoldi. Istak uchun bozorga boray desam, bir ishkomgina yamoq qoldi, undan keyin bozordan qaytib chiqquncha kech ham boʻladi. Nima qilish kerak? Uzoq oʻylab turmay, tut, qayragoch va tol kabi daraxtlardan istak chalpidim. Chalpigan istaklarni yigʻishtirguncha ham bir choy qaynar vaqt oʻtdi. Istaklarni belbogʻimga qistirib, ishkomga kirdim.

Qosh qorayib, qorongʻi tushgan paytda arang poya ishidan qutuldim. Yuz-qoʻllarimni yuvib, salla-choponimni kiyganimda obdon qorongʻi bosgan edi. Bogʻ ishlagali kelgan qoʻshnilardan hech birisi qolmagan, hamma shaharga joʻnab ketgan, koʻchada chigirtkalarning chirillashi, qurbaqalarning qurillashidan boshqa tovush yoʻq edi.

Men bogʻdan chiqqanda xufton boʻlmasa ham, shunga yaqinlashib qolgan edi. Qorongʻida turtinib-surtinib yoʻlga tushdim. Otam xolamga xitoban dedi:

—Siz bilasiz, bizning bogʻning tevaragi quyuq daraxtlik maydonlar bilan oʻralgan. Katta koʻchaga tezroq chiqib olish uchun men shu maydonlardan yurdim. Maydon nihoyatda qorongʻi va vahimali edi. Lekin men qorongʻida beparvo borar edim, yolgʻiz qorongʻida turtinib qiynalar edim. Katta koʻchaga chiqib olmogʻim uchun orada bittagina Hamdam xumdonchining chakalagi qoldi.

Otam hikoyasini shu yerga keltirib taqagach, men koʻrpamga yaxshiroq burkanib oldim. Otam soʻzida davom etdi:

—Bir-ikki qadam Hamdam xumdonchining maydoniga tomon yurdim... Yiroqdan kelgan yorugʻlikni sezib, tevaragimga qaradim-da, hayron boʻlib qoldim... Qarshimdagi maydondan oʻtkir nur sharpasi tushar edi. Bugina emas, kishilarning chagʻir-chugʻur soʻzlashib, kulishlari, gijdang-gijdang bilan childirma, ora-chora dutor, tanbur, gʻijjak kabi sozlarning zaif, ammo yurakni qitiqlaydigan tovushlari eshitilar edi.

Men tang qotib, bir necha vaqt turib qoldim. Darhaqiqat, boyqushlar uyasi boʻlgan bir vayronada bunday voqeaning yuz berishi kishini, albatta, hayron qilar edi. Holbuki, men ertalab ham bu maydondan oʻtgan edim. Bu yerda biror ziyofat boʻladirgan boʻlsa, erta bilan uning bir asari koʻrilar edi. Yosh-yalanglar kunduz kuni harakat qilganlar-da, deb fikrimdan oʻtkazdim.

Men bazm boʻlayotgan maydon orqali oʻtmoqchi boʻlib, devor raxnasidan oshib tushdim... Oʻh-hoʻ-oʻ-oʻ, maydon ichi koʻnduzgidek yorugʻ, daraxt shoxlariga chirogʻlar osilgan, yerlarga ipak gilamlar yozilgan. Bir chekkaga katta oq samovarlar qoʻyilgan, bir tarafda katta qozonlar qurilgan, jaz-biz davom etar edi. Maydonning oʻrta yerida yuz chogʻli yosh-qari kishilar qurshalib oʻltirib, dutor, tanbur, childirma, nogʻoralar chalib bazm qilar edilar.

Shu choqda bir kishi oldimga yugurdi va bazmdagilarga qichqirib:

—Mana, Oʻsar akam ham keldi! dedi. Bazmdagilarning hammalari ham menga qaradilar. Keling, keling, Oʻsar aka, poyadan qutuldingiz-mi? deyishdilar.

Oʻsha onda ularga nima deb javob berganimni hozir eslayolmayman, chunki juda ham garangsigan edim.

Ular meni oʻz ixtiyorimga qoʻymay, sudrab, tortib toʻrga chiqardilar. Odatda majlisga kirib oʻltirgandan keyin fotiha oʻqilar edi. Biroq ularning har turli savol va muomalalari bilan ovora boʻlib, fotiha oʻqish ham yodimdan chiqqan... Bir oz esimni yigʻib olgandan keyin majlisdagilarni koʻzdan kechirib chiqdim. Koʻplarini qaysi joydadir koʻrgandek boʻlaman... Aniqlab qarasam, umrimda koʻrmagan-tanishmagan yot kishilarga oʻxshaydilar. Faqat ularning men bilan xuddi tanishlarcha muomala qilishlari, otimni atab chaqirishlari, qilgan ishlarimni soʻrab, hatto boyagi istak chalpib yurganimni bilishlari, meni juda ham ajabga qoldirgan edi.

Oradan kimdir, bilmadim, gʻolib majlisning boshligʻi boʻlsa kerak:

—Oʻsar akamga dasturxon yozilsin! —dedi.

Toʻrda oʻtirganlardan yana birisi unga qarshi chiqdi:

—Ilgari biz bazm qilib olaylik, soʻngra dasturxonga hammamiz baravar qaraymiz! —dedi va menga yuzini oʻgirib: —Siz ham bazmni sogʻinib qolgandirsiz. Ilgari bazm qilaylik, a? —deb soʻradi.

Mening qornim och boʻlsa ham, mehmonligim vajhidan uning fikriga qoʻshilishdan boshqa choram yoʻq edi. Sozandalar sozlarni toʻgʻrilay boshladilar.

Sozlardan tanbur, dutor, gʻijjak, rubob, chang, nay va daf kabilar menga tanish boʻlsalar ham, yana men koʻrmagan va bilmagan bir qancha sozlar ham bor edi. Sozlar sozlandilar, bir xil bosiq, ogʻir mashq chalina boshladi.

Mashq sehrli edi... Men yerga singib ketarli darajada ezilmoqqa, asirlanmoqqa ichimdan bir toʻlqin kelib, oʻzimni qayerga urarimni bilmay entika boshladim. Sozandalar hamon haligi bosiq mashqni sekin-sekin avjga chiqarib bordilar... Axir chidab turolmadim, shilq-shilq yigʻlay boshladim. Nega va nima uchun yigʻlar edim, buni oʻzim ham bilmayman. Uzoq yigʻladim. Nihoyat mashq bitdi. Bitdi, lekin meni ham oʻzi bilan birga bitirdi. Ikki tegirmon toshi orasida yanchilgan kishidek majruh edim. Qimir etgali majolim yoʻq edi. Koʻzimni ochdim. Majlisdagilarning barchasi ham goʻyo bir koʻzdan mening holimga kulib qarab turar edilar. Men oʻz holimdan uyalib yerga boqdim.

Sozandalar yana ikkinchi mashqni chalish uchun tayyorlanar edilar. Lekin men haligidek mashqni eshitishdan bezor boʻlgan edim. Yuragim gup-gup urib qoldi. Boyagidek mashqdan yana birini tinglasam, ehtimol ajalimdan burun oʻlar, yer bilan yakson boʻlar edim. Ikkinchi mashq boshlandi... Mashq boshlanishi bilan butun vujudimga hayot suvi yugurdi.

Oʻzimda allaqanday bir lazzat his qildim. Mashq gʻoyatda zavqli edi. Bu mashqqa ne deb ism berishni bilmayman.

Shu vaqt oʻrtaga oʻn besh-oʻn olti yoshlik yosh bir qiz kelib kirdi. Uning sochlari jingala, yuz va koʻzlari doʻndiq, ustida yashil baxmaldan burma qilib tikilgan chiroyli delvagay kiyimi bor edi. Bir necha qadam chalishib oʻrtada yurgan edi, oyogʻidagi qoʻngʻiroqlari jingʻirlab ketdi. Qiz mashq bilan baravar oʻynay boshladi.

Mashq davom etar, goʻyo nafis soz tovushining yoʻli oʻyinchi qizni gʻayri ixtiyoriy bir harakatga keltirardi. Dunyoga bir shodlik, bir ruh yogʻadi, goʻyoki oʻliklar tirilarlar, yerlar silkinarlar, togʻ-toshlar qularlar, yulduzlar ucharlar, daraxt shoxlari titragandek boʻlarlar.

Axir shodliklarim yuragimga sigʻmadi. Oʻz erkim bilan emas, allaqanday bir kuch oʻltirgan joyimdan meni turgʻizib yubordi. Qizning yoniga kirib men ham oʻynab ketdim.

Oyim bilan xolam oʻzlarini tutolmay kulib yubordilar. Mening boʻlsa, koʻz oʻngimga dadamning oʻynagandagi ahvoli kelib toʻxtagandek boʻldi.

Dadam davom etdi:

—Shunday, men oʻynay boshladim. Nima boʻlsa ham, qiz bilan birdek oʻynamoqqa tirishaman. Qiz men bilan bir oz oʻynab turgandan keyin oʻrtadan chiqib bir chetga ketdi.

Lekin men oʻyinni toʻxtatmadim, toʻxtatish xotirimga ham kelmagan edi.

Kishilar qars urib turadilar va meni masxaralagandek qiyqirib, ogʻiz-burunlarini qiyshaytiradilar, lekin men ularga parvo qilmay oʻyinni davom ettiraman...

Bir vaqt allanarsaga turtinib yerga yiqildim. Oʻzimni oʻnglab olib yana oʻyinga harakat qilgan edim, tagʻin mukkalab yiqildim.

Bir qancha vaqtdan soʻng oʻnglanib oʻrnimdan turdim va koʻzimni ochib tevaragimga qaradim... Orada na kishilar, na sozlar va na boshqalar hech kim, hech gap yoʻq!.. Qop-qorongʻi maydon, bir ariq ichida turibman...

Men otamning bu koʻrgan hodisasini muallim afandiga soʻzlagan edim, kuldi:

—Vahima, xayolot! dedi.

—Chindan ham vahimmi, vahim boʻlsa kishidan qanday voqe boʻladi? —deb soʻragan edim, afandim:

—Kelasi juma bolalar oʻrtasida bu toʻgʻrida maʼlumot beraman, sen ham shu majlisda hozir boʻlsang vahimning qanday voqe boʻlishini bilib olasan! —dedi.

Men albatta juma kun maktabga borib, afandimizdan vahimning kishida paydo boʻlishini eshitaman. Vaqtingiz boʻlsa, juma kuni siz ham boringiz.

Hikoyadan xulosa

Vahima va xurofot kishiga yoʻq narsalarni koʻrsatadi; ilm bunday vahimaning sababini tushuntira oladi.

Muallif

Qoʻshilgan:

Ulashish

Telegram Facebook

Yana hikoyalar

  • Uloqda

    Yosh Turgʻun otasidan ruxsat olib uloqqa boradi; uloq vaqtida bir kishi halok boʻladi, hikoya ertasi kungi janoza bilan tugaydi.

    Ibratli hikoya · 13 daqiqa

    Ibratli hikoya
    13 daqiqa